O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Журнал
Почтага кириш
 

22‒27-avgust kunlari Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida “Oʻzbekiston ‒ buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” meros haftaligi oʻtkaziladi
22‒27-avgust kunlari Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida “Oʻzbekiston ‒ buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” meros haftaligi oʻtkaziladi
Xalqaro konferensiya va meros haftaligiga tayyorgarlik
Xalqaro konferensiya va meros haftaligiga tayyorgarlik
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
So‘z erkinligi, sog‘lom ijodiy raqobat va izlanish jurnalist faoliyatining mezonidir

— Firdavs Fridunovich, Prezidentimiz Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigida jurnalistlarning o‘z ishiga, avvalo, xolislik bilan yondashishi zarurligi alohida qayd etilgan. Darhaqiqat, OAVlarida haqqoniylik va xolislik tamoyili ustuvor ahamiyatga molik bo‘lmog‘i zarur. Shunday emasmi? 

— Albatta, Prezidentimiz matbuot ahliga yo‘llagan bayram tabrigida oldimizda turgan eng muhim vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Dunyo shiddat bilan rivojlanayotgan, globallashuv jarayoni keng tus olayotgan ayni davrda OAV xalq bilan davlat boshqaruvi organlari o‘rtasida aloqa vositasi, haqiqat jarchisi, ya’ni oshkoralik ko‘zgusi sifatida jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida yetakchi o‘rin tutmoqda.

Mamlakat hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ular barobarida taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan salbiy holatlar OAVda qanchalik oshkora va xolisona yoritilsa, jamiyatda shunchalik adolatli va shaffof muhit shakllanadi.

Shu bois davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev OAVning jamiyat hayotidagi roli va o‘rni masalasiga bejiz bot-bot urg‘u bermaydilar. OAV omma fikrini boricha yoritgani, “To‘rtinchi hokimiyat” sifatida demokratiyaning tayanchi bo‘lgani uchun davlat boshqaruvi organlari rahbarlari matbuotda chop etilgan materiallarga, televideniye va radioda bildirilgan fikr-mulohaza, takliflarga e’tiborli bo‘lishlari kerak.

— Ma’lumki, O‘zbekiston aholisining oltmish foizdan ziyodrog‘i yoshlar. Ulardan “Sen o‘zing uchun zarur ma’lumotlarni qayerdan olayapsan?” deb so‘rasangiz, aksariyati internetdan axborot olayotganini aytadi. Matbuot yoki televideniye demaydi. Mana shu jarayon haqida nimalar deya olasiz?

— Asta-sekin telekanallarning tomoshabinlari o‘ttiz besh yoshdan yuqori avlod bo‘lib qolayapti. Chindan ham, yoshlarning asosiy qismi internet bilan ovora. Ayrimlar bu borada “Internet yaxshimi yoki yomon?” degan savol ham qo‘yishyapti. Katta avlod vakillari uning yomon jihatlariga urg‘u beryapti. Yo‘q. Yomon degan bilan bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi. Albatta, internetda yomon axborotlarning ham ko‘pligi sir emas. Lekin yaxshi ma’lumotlar ham bisyor. Bu holatda axborot tanlash ixtiyori odamning o‘zida qolyapti. Shuning uchun televideniye ham internet manbalarini o‘rganishi kerak, ulardan unumli foydalanishi, yoshlarbop, ularning axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondira oladigan tezkor va tahliliy ko‘rsatuvlarni ko‘paytirishi lozim. Agar zamonaviy televideniye shuni o‘ylamasa, uning ertasi, kelajagi bo‘lmaydi. Shunday loyihalar yaratish kerakki, yoshlar, avvalo, o‘sha telekanaldagi ko‘rsatuvlar haqida internetdan xabar topsin va qiziqishi kuchayib, o‘sha teledasturlarni tomosha qilsin. Shu yo‘l bilan yosh tomoshabinlarni ham televizor qarshisiga chaqirish mumkin. Besh yil oldin shu holatning teskarisi bo‘lgan, ya’ni avval ko‘rsatuv telekanalda namoyish etilgan, keyin internetga joylangan. Hozir kerak bo‘lsa, tomoshabinni jalb etish uchun teskari yo‘l tutishimiz kerak.

Mening nazarimda yana ikki-uch yildan keyin barcha ommaviy axborot vositalari: bosma davriy nashrlar bo‘ladimi, radio yoki telekanallar bo‘ladimi, barchasining uchrashuv joyi bitta, ya’ni internet bo‘ladi. Kimki shuni ang­lab yetsa, ommaviy axborot vositalari vakillari, rahbarlari, bosh muharrirlar, albatta, yutadi.

— Bu fikrlardan keyin beixtiyor matbuotning kelajagi haqida tashvishlana boshlaysan, kishi. Bu yilgi bosma davriy nashrlarning obuna masalasi turlicha talqin qilinganiga guvoh bo‘ldik. Siz, sohaning ko‘zga ko‘ringan menejerlaridan biri sifatida, gazeta va jurnallar vakillariga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

— Bosma ommaviy axborot vositalarini to‘g‘ri rivojlantirishning endi faqat bitta yo‘li bor: o‘sha nashrning elektron nusxasini kuchaytirish kerak. Vaqt o‘tishi bilan qog‘oz shaklidagi matbuot, xohlaymizmi, yo‘qmi, klassikaga aylanadi. Shaxsan men, hamma gazeta-jurnal yo‘qolib ketadi, degan fikrdan yiroqman. Lekin kamayib boradi. Mana shu narsani bosh muharrirlar tushunadigan bo‘lsa, nazarimda, elektron shaklini rivojlantirishga harakat qiladi va o‘sha elektron gazeta uning bosma nashri mustahkam o‘rin egallashiga yordam berishi mumkin.

— Lekin rivojlangan mamlakatlarda gazeta-jurnallar yuz minglab nusxada chiqayotgani sir emas-ku.

— To‘g‘ri. Lekin ularning adadi ham sekin-asta kamayib boryapti. Noshirlari, muharrirlar adadni jon jahdi bilan yuqori darajada ushlab turmoqchi bo‘lyapti, ammo uddasidan chiqishi juda qiyin kechayotir. Bu muqarrar voqelik. Televideniye ham xuddi shunday holatda. Misol uchun, avvallari bir ko‘rsatuv uchun ko‘plab xodimlar ovora bo‘lardi. Bugun ko‘pi bilan uch yoki to‘rtta kamera bilan boriladi. Endi blogerlarni kuzatadigan bo‘lsak, bitta kamerasini ko‘tarib boraveradi. To‘g‘ri, sifat borasida farq katta. Ammo bora-bora tezkorlik va qisqa-lo‘ndalik birinchilikka chiqib olayotir. Bugun odamlarning vaqti ziq. Ma’lumot-axborotni tez va ko‘p olmoqchi. Televizor oldida kutib o‘tirishga sabri yo‘q. Ma’lumot olish mumkin bo‘lgan manbalar ko‘p. Bugun odamlar tezkorlik, qisqalik va erkinlikka amal qiladigan jurnalistika talabgori.

— Ammo matbuotimizda ichki senzura, yo‘l-yo‘riq beruvchilarning xohishiga qarash holatlari yo‘q deb o‘ylaysizmi?

— Bor. Lekin xuddi internet jurnalistikasi kabi zamonaviy me’yorlarni tanlab olib ishlasak, senzura xalaqit bermasa… Katta avlod vakillari, men o‘zim ham, baribir eskicha tarbiya ko‘rgan emasmanmi, ba’zan “senzurachi” bo‘lib qolamiz. Albatta, matbuotda ham ko‘plab ta’sischilar, bosh muharrirlarning yoshligi eski davrda o‘tgan. Yoshlikda olingan tarbiya esa bir umr qolishi tabiiy.

— Demak, qayta tarbiyalab bo‘lmaydi, demoqchisiz-da?

— Bunday demadim. Tarbiyalash mumkin. Yangi zamonaviy mediabozorning o‘zi bizni tarbiyalaydi. Mavjud sharoitni tushunib yetmayotgan bo‘lsak, demak, ortda qolib ketaveramiz. Tamom. Tarbiyalash deganda faqatgina, seminar-treninglar orqali emas, mediabozorning o‘zi hammasini joy-joyiga qo‘yadi. Xohlasa, zamonaviy ko‘rinishda raqobatbardosh mahsulot chiqarsin, xohlamasa, o‘sha eski usuldagidek ishlayversin. Ammo kelajagi qorong‘uligicha qolaveradi. Bugun bemalol ishlash, ijod qilish mumkin bo‘lgan davr. Shunday keng imkoniyatdan foydalana bilmasa, unday ommaviy axborot vositasining holiga voy.

— Milliy assotsiatsiya tarkibiga kiruvchi mustaqil OAVlar faoliyati, yutuq va kamchiliklari haqida to‘xtalsangiz. Hozirda faoliyat yuritayotgan xususiy telekanallarning aksariyati, ayniqsa, hududiylar saviyasi haminqadar ko‘rsatuvlarni havola qilayotgani sir emas. Pala-partish gaplar, sheva, hattoki jargon so‘zlarni televideniye minbaridan turib aytish go‘yo ayb hisoblanmay qoldi. Umuman, assotsiatsiya tarkibidagi xususiy, viloyat telekanallari faoliyati tahlil qilinadimi?

— Achchiq, lekin to‘g‘ri savol. Aslida, bizning asosiy maqsadimiz ham nodavlat teleradiokanallarning saviyasini ko‘tarish, rivojlanishi uchun yordam berishdir. Ayniqsa, hududiy teleradiojurnalistlarga amaliy ko‘mak berish, ularning kasb mahoratini, bilimini oshirishga harakat qilamiz. Misol uchun, har yili xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilg‘or xorijiy jurnalistlarni taklif qilib, seminar-trening­lar, master-klasslar o‘tkazamiz. Shu kunlarda ham chet ellik yetuk jurnalistlar tashrif buyurishgan. Hududlarda faoliyat yuritayotgan yosh, iqtidorli jurnalist­lar uchun mahorat darslari tashkil qilmoqchimiz.

Lekin muammo shundaki, bu masala, ya’ni hududiy telekanallar saviyasini ko‘tarish, birgina bizning assotsiatsiyamizning kuchi bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Xabaringiz bor, xususiy telekanallarning eng asosiy daromad manbai — reklama. Lekin hududiy telestudiyalarda reklama juda kam. Yirik tashkilotlar, albatta, markaziy telekanallar orqali reklama berishni xohlaydi. Shuning uchun ularning iqtisodiy ahvoli yaxshi emas. Biz yordam berish choralarini ko‘ryapmiz.

—    Xususiy va hududiy telekanallarda professional jurnalistlar yetarlimi?

— Kadrlar ham yetarli emas, chunki hammasi iqtisodiy masalaga borib taqaladi. Telekanalning moddiy tomoni mustahkamlansa, professional jurnalistlar ham yetarli bo‘ladi, ko‘rsatuvlarning saviyasi ham oshib boraveradi. Iqtisodi nochor bo‘lsa, qayerdan yaxshi ko‘rsatuvlar qilishsin?! Shuning uchun, avvalo, biz ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishimiz kerak.

— Shu o‘rinda yana bir savol: nafaqat elektron OAV, balki boshqa mustaqil bosma davriy nashrlar bilan ham hamkorlik qilish rejalaringiz bormi? Albatta, matbuot sizga begona emas, “Darakchi”, “So‘g‘diyona” gazetalarining ta’sischisisiz. Shu ma’noda ham elektron, ham bosma matbuotning eng muhim muammolaridan xabardor bo‘lsangiz kerak?

— Vaqt shuni ko‘rsatyaptiki, televideniye, radio va matbuotning sohasi bir bo‘lsa ham, muammolari boshqa-boshqa. Misol uchun, barcha ommaviy axborot vositalari vakillari bitta konferensiyada o‘tirganda, bosma davriy nashrlar vakillari bir masalani ko‘tarsa, televideniyeda ishlaydiganlar mutlaqo boshqa muammoni olg‘a suradi. Natijada ular bir-birini “tushunmaydigan” tilda gaplasha boshlaydi. To‘g‘ri, hammasi jurnalist, hammasi ommaviy axborot vositalari vakillari. Bora-bora shu aniq bo‘ladiki, barcha muammoning ildizi bitta — iqtisodiy beqarorlik. Bundan tashqari, jurnalistning samarali ishlashi uchun unga yetarli sharoit ham kerak. Sharoit nima? Bu bitta komp­yuter olib bersak, yana bitta yarimta kerakli narsasini olib bersak bo‘ldi, shu yetarli, degani emas. Vaqt shiddat bilan o‘tyapti, zamon o‘zgaryapti, texnika rivojlanyapti. Shunday ekan, xodimlarga yaxshi sharoit yaratish uchun eng so‘nggi rusumdagi texnikani taqdim etish, o‘z faoliyati davomida zarur bo‘ladigan barcha qulayliklarni yaratishimiz kerak. Ko‘rinib turibdiki, hammasi moddiy imkoniyatga borib taqaladi.

— Bu ishlarga homiylarni ko‘proq jalb qilinsa bo‘ladimi?

— Men jurnalistlarga homiylar zarur, degan fikrdan yiroqman. Chunki erkin, tahliliy-tan­qidiy chiqishlar uchun homiy izlash noto‘g‘ri. Birovning puli evaziga tashkillashtirilgan ko‘rsatuv uning g‘oyasi, manfaatiga xizmat qilishi mumkin. Bunday ko‘rsatuv, eshittirish yoki maqolalarga buyurtma degan tamg‘a tushadi. Agar bu taklif biror nopok odamning qo‘liga tushsa, davlat, xalq manfaatiga qarshi yot g‘oyalariga xizmat qilishi mumkin. Shuning uchun men har doim bu yo‘lga qarshi turaman.

Asosiy maqsadimiz qonun yo‘li bilan raqobatbardosh mediamahsulotlar yaratishdir. Raqobatbardoshlik nimada ko‘rinadi? Ommaviy axborot vositalari reytingini tuzadigan tashkilotlardan biri bizning yurtimizdagi telekanallar reytingini e’lon qildi. Qizig‘i va quvonarlisi, beshta yetakchi telekanallar aniqlangan bo‘lsa, shulardan ilk to‘rttasi nodavlat telekanallardir.

— Demak, reyting yuritilayotgan ekan. Qaysi telekanal birinchi, qaysinisi ikkinchi, buni qanday aniqlash mumkin?

— Rosti shuki, keyingi yillarda ommaviy axborot vositalari orasida ham mardu maydon boshlandi. Reytingda nodavlat telekanallarning yetakchiligi bir tomondan quvonarli, ammo ikkinchi tomondan, “Ular nimaning evaziga yuqori pog‘onani ushlab turibdi?” degan savol o‘ylantiradi kishini. Tan olib aytish kerakki, asosiy omil seriallar bo‘lib qolyapti. Har xil xorijiy seriallar, badiiy filmlar sabab, tomoshabin shu kanallarga bog‘lanib qolyapti. Xalq uchun, jamiyat uchun foyda keltiradigan, ustuvor vazifalarni qo‘llab-quvvatlaydigan mediamahsulotlar hali ko‘p emas. To‘g‘ri, davlat kanallarida bunday ko‘rsatuvlar ko‘proq. Lekin xususiy telekanallar ko‘proq ko‘ngilochar dasturlarga urg‘u berayapti. Tahliliy-tanqidiy, jurnalistik chiqishlarga ehtiyoj bor, talab bor, lekin taklif kam, hozircha. Bu — bizning eng og‘ir dardlarimizdan.

— Mana o‘zingiz yana bir og‘riqli muammoni ko‘tardingiz. Ko‘plab tomoshabinlarda “Nega xorijiy seriallar, misol uchun, turk seriallari ko‘payib ketdi?” degan savol tug‘ilyapti. Bu savollarga siz nima deb javob berasiz?

— Javob oddiy: bugungi kunda xalqimiz tomonidan seriallarga katta ehtiyoj bor. Lekin bu ehtiyojga yarasha milliy serial indus­triyasi shakllanmagan. Sodda tilda aytsak, bozor yo‘q. O‘zimizning bozorda bo‘laturib, ataylab xorijdan serial sotib olayotganimiz yo‘q. O‘zimizning milliy mahsulotlarimiz kam bo‘lgandan ke­yin bo‘shliqni xorijiy seriallar bilan to‘ldirishga majbur bo‘lyapmiz. Ochig‘ini aytganda, teleseriallarni yaratish telekanallarning ishi emas. Biz seriallarga talabgormiz, xolos. Afsus bilan aytish kerakki, bizda teleseriallar yo‘nalishi oqsoq. Mana, endi-endi milliy mahsulotimiz paydo bo‘lyapti. Biz, ya’ni milliy assotsiatsiya, o‘zimizning talablarimizni milliy seriallar bilan qondirish, shu yo‘nalishga yordam berish tarafdorimiz. Xohlaymizmi, yo‘qmi, oxir-oqibatda xalqimiz baribir o‘zimizning milliy seriallarimizni tanlaydi. Mana, ko‘rasiz, shu yil oxirigacha milliy seriallarimiz ekranlarni egallaydi. Shuning uchun ham xorijiy seriallarni sotib olishga beradigan mablag‘imizni o‘zimizning milliy seriallarimiz uchun sarflashimiz kerak. Balki birdaniga turk seriallariga o‘xshab zo‘r chiqmas, lekin bosqichma-bosqich, vaqt-soati bilan rivojlanib ketadi. Shu bois mana shu yo‘ldan borishimiz kerak, bu biz uchun eng zarur yo‘l.

Endi telekanallarimizdagi bosh­qa kamchiliklarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bizga ayni kunlarda yaxshi, raqobatbardosh tok-shoular yetishmayapti. Zamonaviy, ta’sirchan, odamlarni yaxshilikka undaydigan mediamahsulotlar hali ko‘p emas. Hujjatli ko‘rsatuvlar umuman yo‘q hisobi. Shu yo‘nalishlarda biz jahon tajribasini o‘rganyapmiz.

— Tahliliy-tanqidiy ko‘rsatuvlar, maqolalarga ham ehtiyoj bor…

— Ha, tahliliy-tanqidiy ko‘rsatuv va eshittirishlar kam. Misol uchun, yaqinda Suriyadan yurtimizga olib kelingan vatandoshlarimizni qaytarish oson bo‘lmaganini Davlatimiz rahbarining o‘zlari ham aytib o‘tdilar. Biz shu ulkan voqea, jo‘mardlik, vatanparvarlik va insonparvarlik ishi haqida birorta nodavlat telekanalida tahliliy ko‘rsatuv ko‘rdikmi? Xabar va intervyudan nariga o‘tolmayapmiz. O‘sha yurtdoshlarimiz nega Suriyaga ketgan? U yerda qanday azoblarni boshidan o‘tkazgan? O‘zbekiston hukumati uchun ularni yurtga qaytarishda qanday qiyinchiliklar yuz bergan? Ularning salomatligi, ruhiy holati qanday? Ayniqsa, bolalar ongiga bu qanaqa ta’sir o‘tkazgan? Umuman olganda, shu jarayonning o‘zi haqida juda salmoqli, xalqimiz katta qiziqish bilan ko‘radigan, saboq chiqaradigan hujjatli, tahliliy ko‘rsatuvlar tayyorlansa bo‘lar edi. Shu yo‘nalishda ham bizning telera­diokanallarimizning zaif tomonlari juda ko‘p.
Hozir mana shunday kamchiliklarimiz haqida jiddiy o‘ylayotirmiz. Bu borada biz sohaga aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish choralarini ko‘rmoqdamiz.

— Yuqorida ta’kidlab o‘tganingizdek, ommaviy axborot vositalarida keyingi yillarda tanqidiy-tahliliy ruhdagi materiallar ko‘paydi. Ammo, televideniye sohasini bilmadimu, matbuotda e’lon qilingan tanqidiy maqolalarga mas’ullar ko‘pincha befarqlik, nopisandlik bilan qarashayotganga o‘xshaydi. Hatto, ikki qatorlik izoh berishni ham ep bilmaydiganlar bor. Bu borada sizning fikringiz qanday? Jurnalist kasbining obro‘sini oshirish, matbuot mavqeini ko‘tarish masalalariga ham e’tibor qaratish kerakmasmi?

— Juda o‘rinli savol. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbariyati bir yaxshi tashabbus bilan chiqdi. Agentlik har bir tanqidiy chiqishni monitoring qilib, tanqidga olingan tashkilot rahbariyatiga xat yuborayapti. Ya’ni, jurnalist yoritgan tanqidiy holatga munosabat bildirilishi so‘raladi. Bu xayrli tashabbus. Bu, albatta, natija beradi. Chunki mas’ul tashkilotlar muammoni o‘rganish jarayonida jurnalist bilan muloqotga kirishadi va o‘z-o‘zidan maqolaga munosabat ham bildiradi.

Ayni paytda matbuot xizmatlarining ishlash tartibi ham o‘zgar­yapti. Bu tashabbusni biz ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Matbuot xizmatlari yaxshi faoliyat yuritsa, albatta, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan materiallar e’tibordan chetda qolmaydi.

— Jurnalistlarni chin ma’noda qo‘llab-quvvatlash borasida yana nimalarga e’tibor qaratilishi lozim deb o‘ylaysiz?

— Oshkora tanlov asosida eng kerakli kadrlar, eng obro‘li, o‘z ishining ustalariga qo‘shimcha yordam berish kerak, albatta. Grant­lar, tanlovlar e’lon qilib, o‘shalarning g‘oliblariga yaxshi mukofotlar, imtiyozlar berish kerak.

Misol uchun, sizda jamiyat uchun foydali biror g‘oya bor. Siz grant yutib, o‘z g‘oyangizni amaliyotga tadbiq etish uchun imkoniyatga ega bo‘lishingiz kerak. To‘g‘ri, bizda hozir parlament komissiyasi orqali grantlar ajratilayapti. Lekin bu juda kam. Grantlar, tanlovlarni ko‘paytirish kerak. Undan keyin jamiyat uchun, milliy manfaatlarimizga xizmat qiladigan mediamahsulotlar ko‘payadi.

— Tanlovlar haqida gap ketganda, yodimga tushdi: har yili jurnalistlarimizing bosh milliy mukofoti “Oltin qalam” tanlovining g‘oliblari taqdirlanadi. Albatta, bu ijodkorlarni ruhlantiradi. Lekin mukofot topshirilgach, turli fikrlar, bahs-munozaralar ko‘payadi. Sizning ushbu mukofot mezonlari haqidagi fikrlaringiz qanday?

— Mana, bizda, shu savolingizga javob berishdan oldin aytay, “Ozod yurt to‘lqinlari” tanlovi bor. Bunda har bir nominatsiya bo‘yicha ekspertlar kengashi uch nafar nomzodni saralab oladi va tadbir o‘tayotgan kunning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn ovoz berish yo‘li bilan g‘oliblar aniqlanadi. Mardu maydon. Bu yerda hech qanday g‘irromlik o‘tmaydi.

Men “Oltin qalam” tanlovi borasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbariyatiga ham takliflar berganman, tanlov shaffofligini 3-may kunining o‘zida amalga oshirish zarur. Misol uchun, uch nafar saralangan nomzodga so‘nggi bahoni hakamlar hay’ati tomoshabinlarning ko‘z oldida, o‘sha kuni berishi va g‘olib aniqlanishi kerak. Yopiq eshiklar ortida emas, odamlarning ko‘z oldida loyiqlar e’lon qilinishi, taqdirlanishi lozim.

— Endi assotsiatsiyaning katta e’tiroflarga loyiq boshqa ishlaridan biri haqida ham so‘ramoqchi edim. Bebaho madaniy yodgorliklarimizni o‘rganish, chet ellarda saqlanayotgan ma’naviy xazinalarimizni yurtimizga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlaringiz, xalqimiz va butun dunyoga yaqindan tanishtirish maqsadida chop etilayotgan kitob-albomlar, albatta, xayrli, muvaffaqiyatli xizmatlardir. Shu ezgu ishlar asnosida muqaddas Qur’oni Karimning “Katta langar” nusxasining ayrim sahifalari O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirilishi, olib borilayotgan ilmiy ekspedi­siyalar katta tahsinga munosib. Bu yo‘nalishda yana qanday xayrli maqsadlaringiz bor?

— Bu yo‘nalish assotsiatsiyamizning keng ko‘lamli ishlaridan biri. Biz, to‘g‘risini aytsam, shu loyihani ishlab chiqqanimizdan faxrlanamiz. Albatta, bu xayrli ishlarni assotsiatsiya yolg‘iz o‘zi bajarayotgani yo‘q. Avvalambor, muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanayapmiz. Xalqaro yo‘llarimiz ochildi, bemalol bordi-keldi qilyapmiz. Xorijiy olimlar bizning yurtimizga kelyapti, biz chet ellarga boryapmiz. Shunday muloqotlar, aloqalar jarayonida yangi-yangi g‘oyalar paydo bo‘lyapti. Ilmiy konferensiyalar, kongresslar o‘tkazyapmiz. O‘tgan yili Sankt-Peterburgda kongress o‘tkazdik. Bu yil dunyoning 300 nafardan ziyod olimi yurtimizga keladi. Katta ilmiy-amaliy kongress o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Qolaversa, bir necha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlayapmiz.

Prezidentimizning bu borada qarori e’lon qilingan. Shu qaror ijrosi nuqtai nazaridan yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarimizning xorijdagi bebaho asarlaridan hech bo‘lmaganda nusxalarini vatanimizga olib kelishga harakat qilayapmiz. Faksimilelar chop etyapmiz. 3D kitob­lar nashr qilyapmiz. Qolaversa, bugungacha “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” kitob-albomining 20 jildi chop etildi va ularning videoversiyasi, ya’ni hujjatli filmlarini tasvirga oldik. Bu yil yana 15 ta mana shunday nodir nashrlarni tayyorlamoqchimiz. Bularda asosiy e’tiborni yurtimiz kutubxonalari, muzeylariga qaratayapmiz. Joriy yilda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarimiz doirasida (Toshkent — Termiz — Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadi) ushbu noyob durdonalarimizning taqdimotini o‘tkazish niyatimiz bor.

Bundan tashqari, butun dunyoga tarqalib ketgan yurtimizga oid yuzta nodir qo‘lyozmaning faksimile nusxalarini tayyorlashga kirishganmiz. Aytish kerakki, faksimile oddiy qog‘oz nusxa degani emas. Kimdir shunchaki nusxa ko‘chirib kelishyapti-da, deb o‘ylashi mumkin. Bu noto‘g‘ri. Faksimile juda murakkab jarayon. Misol uchun, “Katta Langar Qur’oni”ning faksimilesini olish uchun to‘rt marta Sankt-Peterburgga borib keldik. Soha mutaxassislarining oddiy fotoapparat emas, juda katta, uch tonnalik uskunalari bor. Shuning uchun aytish mumkinki, faksimile asl nusxaga juda yaqin bo‘ladi. Biz “Katta Langar” Qur’onining faksimilesini Langar qishlog‘iga olib borib topshirdik. To‘g‘ri, asl nusxa emas. Ammo asliyatga yaqin bo‘lgani uchun ham qishloq aholisi juda katta quvonch bilan, go‘yo Ikkinchi jahon urushiga ketgan bobosi qaytib kelganday cheksiz xursandchilik bilan qabul qilib oldi.

— Muqaddas Qur’on kitobi “Katta Langar” nusxasining barcha sahifalari topildimi?

— Yo‘q, lekin ilmiy ekspeditsiya hali davom etyapti. Hozircha 100 ta sahifani aniqladik. Dunyoning turli burchaklaridan daraklar chiqayapti. Hali bu boradagi izlanishlarimiz davom etadi.

— Xayrli ishlaringizda omad tilaymiz. Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!

— Fursatdan foydalanib, men barcha kasbdoshlarimni kasb bayramimiz —  Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Ularga mustahkam sog‘liq, yangidan-yangi ijodiy muvaffaqiyatlar, oilalariga xotirjamlik, baxt-saodat va omad tilayman!

 Sitora TOJIDDINOVA suhbatlashdi.

 Manba:«Hurriyat» gazetasi

Mavzuga oid yangiliklar
Bi-bi-si O'zbek xizmati va O'zbekiston elektron OAV milliy assotsiatsiyasi memorandum imzoladi
Toshkentda Jahon matbuot erkinligi kuniga bag'ishlangan xalqaro forum doirasida 2019 yil 3 may kuni Bi-bi-si O'zbek xizmati va O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O'zEOAVMA ) o'rtasida hamkorlikka doir o ...
01.08.2019 / 20:13
Samarqand Markaziy Osiyo ilm-fani tarixidagi yirik anjumanga mezbonlik qiladi
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusiga ko`ra, joriy yilning 26 avgust kuni Samarqandda “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni saqlash: dolzarb muammolar va ularni hal etish strategiyalari&rdquo ...
01.08.2019 / 19:52
Bugun O'zEOAVMA Boshqaruvi va Ekspertlar kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi
  Bugun O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O'zEOAVMA) Boshqaruvi va Ekspertlar kengashining unga a'zo teleradiostantsiyalar rahbarlari ishtirokidagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda O ...
01.02.2019 / 20:02
Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirildi
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov 2019 yil 23 aprel kuni Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi ...
01.08.2019 / 20:03
O’zEOAVMAning BBC Media Action hamkorligidagi yangi loyihasi yaratiladi
BBC teleradiokompaniyasining Media Action xalqaro munosabatlarni rivojlantirish bo'limi asosan OAV xodimlarining malakasini oshirish bilan shug'ullanadi.O ...
09.02.2019 / 10:35
Germaniya jamoatchiligi O`zbekiston madaniy merosidan bahramand bo`lmoqda
Berlin shahrida 15 yanvar kuni “Buyuk ipak yo`li merosi – O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi ko`prik“ mavzuida xalqaro ilmiy-madaniy forum boshlandi. Tadbir O ...
16.01.2019 / 17:34